YXHT birinchi Farg‘ona tinchlik forumida muloqot va birdamlikni qo‘llab-quvvatlaydi
Birinchi Farg‘ona tinchlik forumi 2025-yil 15–16-oktyabr kunlari Farg‘ona davlat universitetida bo‘lib o‘tdi. “Tinchlik va taraqqiyot yo‘lida sa’y-harakatlarni birlashtirish” shiori ostida o‘tgan muhokamalarda Markaziy Osiyo, MDH, Yevropa, Osiyo va Amerika mamlakatlaridan 300 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi.
Ikki kun davom etgan muloqotlar chog‘ida ishtirokchilar Farg‘ona vodiysida o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, mintaqaning iqtisodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish yo‘llari, madaniy va gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, barqaror va tinch kelajakni barpo etishda yoshlarning muhim o‘rni haqida fikr almashdilar.
Forumda so‘zga chiqqan YXHT Nizolarning oldini olish markazi direktori Keyt Firon mintaqaviy hamkorlik va diplomatiyaning muhim ahamiyatini ta’kidladi:
“Farg‘ona vodiysi ishonch va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash yo‘lida diplomatiya va tinch vositalar orqali erishish mumkin bo‘lgan yutuqlarning ilhomlantiruvchi namunasiga aylanib bormoqda. YXHT Markaziy Osiyo mamlakatlarining ushbu noyob va jo‘shqin mintaqada tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni mustahkamlash yo‘lidagi intilishlarini bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashga tayyor.”
“Farg‘ona vodiysi – madaniy va gumanitar hamkorlik ufqlarini kengaytirish” mavzusidagi panel sessiyasida YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, elchi Antti Karttunen quyidagilarni ta’kidladi:
“Farg‘ona vodiysi shunchaki geografik hudud emas. Bu, shuningdek, millionlab insonlarni umumiy tarix, an’analar va qadriyatlar bilan bog‘lab turuvchi madaniy va insoniy hamjamiyatdir. Ushbu sohalardagi hamkorlikni mustahkamlash ishonchni chuqurlashtirish va barqaror tinchlikni ta’minlashning eng samarali yo‘llaridan biridir.”
Elchi Karttunen, shuningdek, transchegaraviy yoshlar hamkorligini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratib, YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori ofisi aniq loyihalarni ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi.
Forum muloqotni mustahkamlash, o‘zaro ishonchni chuqurlashtirish va mintaqaning barqaror rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan Kommyunike qabul qilinishi bilan yakunlandi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan Progressiv islohotlar markazi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT), Suv resurslarini boshqarish xalqaro instituti va Tinchlikni barpo etish xabi bilan hamkorlikda, Birlashgan Millatlar Tashkiloti hamda Yevropa Ittifoqi ko‘magida tashkil etildi.