Bolalar uchun yanada xavfsiz kelajak yaratishda chegara bilmas hamkorlik
O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisning Bola huquqlari bo’yicha vakili, BMT Bolalar jamg’armasi (UNICEF) va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT)ning O’zbekistondagi loyihalari koordinatori hamkorligida "Markaziy Osiyo mamlakatlarida bola huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirishning dolzarb masalalari: bolalar ombudsmanlarining mintaqaviy hamkorligi istiqbollari" mavzusida Markaziy Osiyo mamlakatlari ombudsmanlarining birinchi xalqaro forumi o’tkazilmoqda.
Ikki kunlik forum ishida Markaziy Osiyo davlatlari - Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston bolalar ombudsmanlari, shuningdek Norvegiya, Xorvatiya bolalar ombudsmanlari hamda Yevropa bolalar ombudsmanlari tarmog‘i (ENOC)ga raislik qilayotgan Finlyandiya bolalar ombudsmani ishtirok etmoqda.
Forumdan ko’zlangan asosiy maqsad Markaziy Osiyo mamlakatlari bolalar ombudsmanlarining muloqoti va o’zaro hamkorligi uchun samarali mintaqaviy platforma yaratishdir. Ushbu platforma bola huquqlarini himoya qilish sohasida konstruktiv tajriba almashishga, umumiy muammolarni samarali hal etishga, mintaqaviy va transmilliy tahdid hamda chaqiriqlarga qarshi kurashishda yagona yondashuvlarni ishlab chiqishga, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari bolalar ombudsmanlari institutlari salohiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
"Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining siyosiy irodasi va hamjihatlikdagi sa’y-harakatlari mintaqada barqarorlik, hamkorlik va taraqqiyot makonini izchil yaratishga qaratilgan. Bolalar ombudsmanlarining mintaqaviy platformasi aynan shu birdamlik va umumiy mas’uliyat g’oyasining amaliy ifodasi bo’lib, mintaqamizning buguni va kelajagi bo’lmish bolalar farovonligini ta’minlash yo’lida muhim qadam bo’ladi," – dedi O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo’yicha vakili Surayyo Rahmonova.
Forum ishtirokchilari bola huquqlarini himoya qilish va Markaziy Osiyo mamlakatlarining bola huquqlari bo’yicha vakolatli institutlari salohiyatini kuchaytirish maqsadida milliy strategiya va rejalarni xalqaro tashabbuslar bilan uyg’unlashtirish yo’llarini muhokama etmoqdalar. Bolalar ombudsmanlarining mintaqalararo va xalqaro hamkorligini rivojlantirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
"Bola huquqlarini himoya qilish – Bola huquqlari to’g’risidagi konventsiya ko’zda tutgan oddiy huquqiy majburiyat emas, balki biz qanday jamiyat qurayotganimizni belgilaydigan ma’naviy mas’uliyatdir. Mamlakatlar hamkorlik qilganda, institutlar sa’y-harakatlarini birlashtirganida bolalar manfaatlari yo’lidagi natijalar bir necha barobar ortadi," – dedi UNICEFning O’zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rehina Kastijio.
Forum kun tartibidan mintaqadagi bolalar vaziyatining milliy monitoringi; internet makonida bolalar xavfsizligini ta’minlash; bolalarga nisbatan zo’ravonlikning barcha shakllarning oldini olishnga qaratilgan samarali mexanizmlar hamda bolalarning odil sudlovdan foydalanishini ta’minlash kabi masalalar o’rin olgan.
YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, elchi Antti Karttunen ta’kidlaganidek: "Ushbu muhim yig‘ilish Markaziy Osiyoda bolalar huquqlarini himoya qilishda oldinga tashlangan katta qadamdir. Bu bolalarning xavfsizligini ta’minlash doimiy hamkorlik, ochiq muhokamalar va bir-biridan o‘rganish zarurligini hamda umumiy tushunishimizni ko‘rsatadi. Hukumatlar, fuqarolik jamiyati tashkilotlari va xalqaro hamkorlar birgalikda ishlab, har bir bolaning xavfsizligi, himoyalanganligi va rivojlanishi hamda muvaffaqiyatga erishishini ta’minlash uchun yanada kuchli tizimlarni yaratishimiz mumkin."
Forum yakunida bola huquqlarini ta’minlash va himoya qilish sohasida mintaqalararo va xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan Markaziy Osiyo mamlakatlari bolalar ombudsmanlari Deklaratsiyasi qabul qilinishi kutilmoqda.
O‘zbekiston tashabbusi bilan ilk bor Toshkentda tashkil etilgan Markaziy Osiyo davlatlari Bolalar ombudsmanlari forumi endilikda har yili o‘tkazilishiga kelishildi va 2026 yilda navbatdagi forum Qozog‘iston Respublikasida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.