Yevropa Ittifoqi va YXHT Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash orqali uran sanoati merosini bartaraf etishni qo‘llab-quvvatlaydi

2025-yil 17-18-iyul kunlari Tojikistonning Xo‘jand shahrida Yevropa Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) bilan hamkorlikda va Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magi bilan «Markaziy Osiyoda uran merosi bilan bog‘liq muammolarni xal qilishda manfaatdor tomonlarni jalb etish» loihasi (III bosqich) doirasida rеgional muvofiqlashtirish yig‘ilishi o‘tkazdi. Tadbir Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonning Orxus Konventsiyasi markazlari hamda asosiy manfaatdor tomonlari ishtirokida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va uran merosi bilan bog‘liq xavflarni bartaraf etishda odamlar ehtiyojlariga yo‘naltirilgan yechimlarni joriy etishga qaratildi.
«Loyihamiz — xalqaro tashkilotlar, milliy idoralar, ekspertlar jamoasi va eng muhimi, fuqarolarning o‘zlari o‘rtasidagi barqaror hamkorlikning noyob namunasi», — dedi YXHT Bishkekdagi Dastur ofisi rahbari, elchi Aleksey Rogov.
Tadbir davomida Orxus Konventsiyasi markazlari va shunga o‘xshash tashkilotlar Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasida birinchi uch tomonlama hamkorlik memorandumi va 2025–2027-yillar uchun Harakatlar rejasi imzolandi. Bu uran merosini bartaraf etishda mintaqaviy hamkorlikni yanada tizimli qilish, shuningdek, zarar ko‘rgan hududlarning ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash yo‘lini ochadi. Orxus Konventsiyasi markazlari fuqarolar, davlat organlari va xususiy sektorni atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha muloqotga jalb qiluvchi platforma vazifasini bajaradi.
«Bugungi kunda Orxus Konventsiyasi markazlari o‘rtasida 2025–2027-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik memorandumi va harakatlar rejasining imzolanishi yanada muvofiqlashtirilgan va uzoq muddatli hamkorlik uchun muhim qadamdir. Bunday tashabbuslar mintaqaning barqaror rivojlanishi uchun mustahkam poydevor yaratadi, deb ishonaman», — dedi YXHT Dushanbedagi Dastur ofisi vakili Tatiana Turkan.
Yig‘ilish Qirg‘izistondagi Osh shahridagi, Tojikistondagi Xo‘jand shahridagi Orxus Konventsiyasi markazlari va O‘zbekistondagi Sport va ekologik turizm federatsiyasi faoliyatini tahlil qilish uchun ham platforma vazifasini bajardi. Radiatsion xavfsizlik uchun ma'sul milliy organlar vakillari, YXHTning mintaqadagi idoralari, O‘zbekistondagi Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi va fuqarolik jamiyati a’zolari erishilgan yutuqlarni muhokama qildilar, muvofiqlashtirish mexanizmlarini kelishib oldilar va umumiy maqsadlarni tasdiqladilar. Yig‘ilish dasturi joylardagi tashriflar va ekologik xavfsizlik, yashil infratuzilma va jamoat darajasidagi tashabbuslar bo‘yicha tajriba almashuviga imkoniyat yaratib berdi.
«Loyihamiz ishtirokchilari umumiy manfaatlarga ega. Biz Markaziy Osiyo xalqlarining xavfsizligi, yaxshi qo‘shnichilik va barqaror kelajagi uchun birgalikda harakat qilamiz», — dedi YXHT O‘zbekistondagi loyihalar koordinatorining iqtisodiy va ekologik yo'nalishdagi loyihalar bo'yicha katta maslahatchisi doktor Zilke Klyover.
«Markaziy Osiyoda uran merosi bilan bog‘liq ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy muammolar davlat chegaralaridan tashkariga chiqadi. Orxus Konventsiyasi markazlari o‘rtasidagi hamkorlik memorandumi umumiy yechimlar izlash va joriy etishga qaratilgan yana bir muhim qadamdir. Biz ushbu tashabbusga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatishimizdan faxrlanamiz va Markaziy Osiyo davlatlari bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida yaqin hamkorlikni kuzatmoqdamiz», — dedi O‘zbekistondagi Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi hamkorlik bo‘limi rahbari Vim Riepma.
Koordinatsion yig‘ilishi YXHT Iqtisodiy va ekologik bo‘limi tomonidan Dushanbe, Bishkek va Toshkentdagi YXHT idoralari bilan hamkorlikda tashkil etilib, O‘zbekistondagi Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
YXHT va BMTTD tomonidan Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magi bilan amalga oshirilayotgan «Markaziy Osiyoda uran merosi bilan bog‘liq muammolarni xal qilishda manfaatdor tomonlarni jalb etish» loyihasi (III bosqich) uran obyektlari bilan bog‘liq ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy xavflarni kamaytirishga, inkluziv muloqot, jamoatchilik ishtiroki va zaif jamoalarning barqaror rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan. Ushbu qo‘shma tashabbus uran xavflarini kamaytirish bo‘yicha ilgari amalga oshirilgan sa’y-harakatlarga, inklyuziv rivojlanish va jamoatchilikni jalb qilishga asoslangan.