YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori bilan suhbat: Elchi Klemens Koyya
Hurmatli Elchi Koyya janoblari, 2017-yilda Avstriya YXHTga raislik qilgan vaqtida siz bu tashkilotning Doimiy kengashiga raislik qilgansiz va 2018-2022-yillarda YXHTning Skopyedagi missiyasining rahbari boʻlgansiz. Hozirda YXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari koordinatori vazifasini bajaruvchisi sifatida faoliyat yurityapsiz. Sizningcha, o‘tgan yillar davomida YXHT qanday o‘zgarishlarni ko‘rdi? Bugungi kunda tashkilotning o‘rni qanchalik muhim?
Avstriya qiyin pallada YXHTga raislik qilgan edi, ammo u paytlarda muammolar yanada kuchayib ketishini hech kim tasavvur ham qila olmasdi. 2020-yilda Minsk guruhi hamraislarining so‘nggi 30 yil ichida qilgan katta sa’y-harakatlariga qaramay ro‘y bergan Tog‘li Qorabog‘ atrofidagi harbiy kuchayishlar, ayniqsa, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush e’lon qilishi YXHTning eng muhim vazifalari – ya’ni ishtirokchi davlatlar o‘rtasida muloqot va hamkorlik uchun noyob platforma, umumiy muammolarni to’laqonli hal qilish uchun ishonch va hamkorlikni rivojlantirish - har qachongidan ham qiyinroq masalaga aylandi.
Shunga qaramasdan, YXHT oʻzining joylardagi ofislari va avtonom institutlari (YXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi, Milliy ozchiliklar boʻyicha Oliy komissari byurosi, YXHTning OAV erkinligi masalalari boʻyicha vakili) yordamida aniq natijalarga erishishda davom etmoqda. Men YXHTning nufuzi va hatto zarurligiga chuqur ishonaman. 2025-yilda Xelsinki Yakuniy aktining 50 yilligini nishonlanadi: bugun, 1975-yilda bo‘lgani kabi, ushbu hujjatdagi tamoyillar bizning umumiy xavfsizlik arxitekturamizga asos solmoqda.
Siz YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori vazifasini bajaruvchi lavozimida faoliyat yuritar ekansiz, mezbon mamlakatda olib borilayotgan islohotlar yo‘li haqida fikringiz qanday? Bu islohotlar mamlakat taraqqiyoti uchun qanday ahamiyatga ega?
Mamlakatingizda qisqa vaqt bo‘lishimga qaramay, tashrifimning boshidanoq menda chuqur o‘zgarishlar ro‘y berayotgan davlat haqida umumiy taassurot shakllandi. 2017-yilda “Harakatlar strategiyasi” bilan boshlangan O‘zbekistonning islohot yo‘li, yangi qabul qilingan “2022-2026-yillarga mo’ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” bilan yanada mukammal bo‘ldi. Bu mamlakat xalqi va jamiyat hayotining barcha jabhalarida, masalan, davlat boshqaruvini isloh qilishdan tortib, demokratik islohotlarni chuqurlashtirishgacha, gender tengligini ta’minlashdan tortib, iqtisodiy taraqqiyot va raqobatbardoshlikni rag‘batlantirishgacha bo‘lgan uzoq muddatli ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning yangi darajaga chiqishining yorqin dalilidir. Islohotlarning bunday uzluksizligi ularning yillar davomida yanada samarali bo‘lishini ta’minlaydi. Shu tariqa, mamlakatdagi tez o‘zgaruvchan kontekstga YXHT loyihalari koordinatorining faoliyati va amalga oshirayotgan loyihalari o‘z hissasini qo‘shishda davom etishiga ishonaman. Men “Yangi O‘zbekiston” shakllanayotgan bir paytda, mamlakatdan ketyapman va bu rivojlanish tendentsiyasi kelgusi yillarda ham, birinchi navbatda, O‘zbekiston xalqi va butun mintaqaga manfaatli bo‘lishni kutib qolaman.
YXHT loyihalari koordinatori tomonidan ushbu islohotlarni qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlar qanchalik muhim?
Ta’kidlaganimdek, O‘zbekiston hozirda chuqur o‘zgarishlarni boshidan kechirmoqda va bunda YXHT loyihalari koordinatorining o‘z roli bor. Bizning xodimlarimiz har kuni Toshkent va viloyatlarda xavfsizlikning uch me’zoni asosida tashkil etilgan loyihalarning dinamik portfeli orqali, O’zbekistonni islohotlar dasturini amalga oshirishda qo'llab-quvvatlab kelmoqda. Garchi faoliyatimiz umumiy ko‘rinishga ega bo’lsa-da, aslida bu o’ziga xos, aniq tadbirlar majmuasi bo‘lib, ularning qiymatiga men o‘zim missiya rahbari sifatida guvohi bo‘lganman. Xususan, bizning loyihalarimiz O‘zbekistondagi kursantlar uchun zamonaviy politsiya faoliyati tendensiyalari bo‘yicha vebinarlar tashkil etishdan tortib, Markaziy Osiyoda ayollar tadbirkorligini rag‘batlantirish, ochiq ma’lumotlar ekotizimini mustahkamlashgacha, advokatlar uchun inson huquqlari bo‘yicha treninglar, shuningdek, parlament a’zosi bo‘lishga intilayotgan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun treninglar kabi turli tadbirlarni o’z ichiga oladi. Yana bir bor takidlayman, bu hali hammasi emas.
Bundan tashqari, biz O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasiga ega bo‘lgan boshqa xalqaro tashkilotlar bilan muntazam hamkorlik qilib kelamiz. Jumladan, yaqinda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo'limi (BMT IHOKB Markaziy Osiyo bo'yicha bo'limi) bilan hamkorlik doirasida, BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasi ijrosi bo‘yicha O‘zbekistonning oltinchi davriy hisobotini tayyorlash yuzasidan trening tashkil etdik.
Bu loyihalar juda muhim, chunki YXHT loyihalari koordinatori oʻz faoliyatini boshlaganidan beri, Oʻzbekistonga manfaatli rivojlanish strategiyalarini amalga oshirishda ko‘mak ko‘rsatib kelmoqda. Shuning uchun, biz YXHTga raislik qilayotgan Shimoliy Makedoniyaning “Barchasi insonlar uchun” shioriga katta ahamiyat beramiz. Ishonchim komilki, YXHT kelgusi yillarda ham O‘zbekiston xalqi bilan yanada yaqinroq bo‘ladi.
Hurmatli Elchi Koyya janoblari, siz o‘z missiyangiz doirasida, O’zbekistondagi faoliyatingizni tugatyapsiz. Umuman olganda, Markaziy Osiyoda va YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori sifatida olib borgan faoliyatingiz orqali orttirgan tajribangizni qanday ta’riflay olasiz?
Markaziy Osiyoda YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori sifatidagi faoliyatim noyob va juda boy tajriba bo‘ldi. Mening ushbu muhim mintaqaga birinchi tashrifim Samarqand, Buxoro, Xiva, Qo‘qon va Shahrisabz kabi shaharlarning madaniy merosi bilan tanishish, yurtingizning ajoyib go‘zalligi va boyligi, tabiati, tog‘larida sayr qilganim va ko‘llarida cho‘milganim bilan yodimda qoladi. Shuningdek, mazali taomlar va ajoyib qo‘l mehnati bilan tayyorlangan mahsulotlar va mahalliy an'analar to‘g‘risidagi ta’surotlarimni o‘zim bilan olib ketaman. Qolaversa, men olgan eng go‘zal va boy tajriba bu - odamlar bilan muloqat qilish edi. Butun mamlakat bo‘ylab kuzatganimiz - ularning o‘z ishiga sadoqati va mehribonligi meni va oilamni ham hayratda qoldirdi. YXHTning mamlakatdagi fidoyi jamoasi bilan ishlash men uchun katta tajriba bo‘ldi va ishonchim komilki, ular keyingi missiya rahbarligida ham O‘zbekiston va uning xalqi manfaatlari yo‘lida muhim natijalarni qo‘lga kiritishda davom etishadi.